Karmana bilan Navoiy shahrini bog‘lovchi 3,4 kilometrlik avtomobil yo‘li yangidan qurildi

Karmana bilan Navoiy shahrini bog‘lovchi 3,4 kilometrlik avtomobil yo‘li yangidan qurildi


“Navoiyavtoyo‘l” hududiy yo‘llardan foydalanish korxonasi tomonidan xalqaro, davlat va mahalliy ahamiyatga molik magistral hamda ichki yo‘llarni ta’mirlash, yangi ko‘prik va yo‘l o‘tkazgichlar bunyod etish, mavjudlarini tubdan rekonstruksiya qilish ishlari yildan-yilga kengaymoqda.

O‘tgan yili Navoiy — Nurota yo‘nalishidagi Qizilqum halqa yo‘li rekonstruksiya qilindi. Nurota tumani hududidagi Qoraqarg‘a dovoni yo‘lida olib borilgan ta’mirlash ishlari uchun 3 milliard 355 million so‘m sarflandi. Shu yo‘lning qariyb 1,5 kilometrlik qismi chetiga beton to‘siqlar o‘rnatildi. Natijada transport vositalarining xavfsiz harakatlanish darajasi oshdi, haydovchi va yo‘lovchilarga qator qulayliklar yaratildi.

Viloyatda yo‘l qurilishi borasidagi ishlar izchil davom ettirilmoqda. Jumladan, Karmana bilan Navoiy shahrini bog‘lovchi 3,4 kilometrlik avtomobil yo‘li yangidan qurildi. Ayni paytda shu yo‘l yoqasi infratuzilmasi rivojlantirilmoqda.

“Yangiariq, Arg‘un va Talqoq mahallalari hududidan o‘tuvchi yangi yo‘l keng va ravonligi, o‘zida zamonaviy yechimlarni mujassam etgani bilan e’tiborni tortadi, — dedi “Mahalla” xayriya jamoat fondining Karmana tumani bo‘limi raisi Toir Yo‘ldoshev. — Yo‘l chetida yosh oilalar uchun ‘Kamolot’ uylari barpo etilayotgani, muhtasham to‘yxona va restoranlar, zamonaviy maishiy xizmat ko‘rsatish obyektlari hamda savdo shoxobchalarining ishga tushirilayotgani barchaga manzur bo‘lmoqda. Hududimiz tobora chiroy ochmoqda”.

Viloyatda joriy yilning o‘tgan davrida 20,9 kilometr ichki xo‘jalik yo‘llari ta’mirlanib, qishloqlardagi yangi massivlarda 5,4 kilometrlik yo‘llar bunyod etildi.

Yo‘l belgisi va to‘siqlarini yangilash, piyodalar yo‘laklari qurishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.

Manba:Daryo

Агарда мақолада хатони учратган бўлсангиз, унда хато матнини белгилаб, CTRL + ENTER тугмасини босинг ва сайт маъмурига хабарнома жўнатинг.


Ижтимоий тармоқда тарқатиш: