Poytaxtimiz tobora ko‘rkamlashmoqda

Toshkent shahar hokimligida poytaxtimizda amalga oshirilayotgan arxitektura va shaharsozlik ishlari, zamonaviy talablarga javob bermaydigan obyektlarni rekonstruksiya qilish rejalari, shuningdek, yangi inshootlar barpo etish loyihalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Toshkent shahar arxitektura va qurilish bosh boshqarmasi boshlig‘i A.Tojiyev mustaqillik yillarida mamlakatimizda shaharsozlik va me’morlik sohasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi. Prezidentimiz Islom Karimovning 2000-yil 26-aprelda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasida arxitektura va shahar qurilishini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bu borada muhim dasturilamal bo‘lmoqda.

Bugungi Toshkent – rivojlangan transport-kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilmaga ega, sanoati yuksak taraqqiy etgan yirik megapolisdir. Poytaxtimizda sharqona rang-baranglik, an’anaviy va zamonaviy me’morlik o‘ziga xos ravishda uyg‘unlashgan. Shu bilan birga, shaharsozlar poytaxtimiz qiyofasini yanada ko‘rkamlashtirish, aholi turmush darajasini yuksaltirish borasida keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirishi lozim.

Ayni paytda arxitektorlar va loyihachilar tomonidan Toshkentning eski shahar qismini obodonlashtirish bo‘yicha salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Obodonlashtirish ishlari doirasida Nurafshon ko‘chasi bunyod etildi. Yaqin vaqt ichida bu yerda uch va besh qavatli zamonaviy uylar, favvoralar quriladi va atrof ko‘kalamzorlashtiriladi. Bundan tashqari, ushbu ko‘chada ilk marotaba piyodalar uchun eskalatorli eksperimental ko‘prik barpo etiladi.

Aviasozlar, Qo‘yliq, Sergeli, Yunusobod, TTZ bozorlarini tubdan rekonstruksiya qilish, shuningdek, yirik bozorlar atrofida avtomobillar tirbandligini kamaytirish istiqbolda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan muhim vazifalardandir.

манба:jahonnews

Агарда мақолада хатони учратган бўлсангиз, унда хато матнини белгилаб, CTRL + ENTER тугмасини босинг ва сайт маъмурига хабарнома жўнатинг.


Ижтимоий тармоқда тарқатиш: